𝗢‘𝘆𝗹𝗮𝗺𝗮𝘆 𝗴𝗮𝗽𝗶𝗿𝗶𝗯, 𝘂𝘆𝗮𝗹𝗶𝗯 𝗾𝗼𝗹𝗱𝗶𝗺 Biz tomonda bir gap bor: «O‘ylamasdan gapirsang, og‘rimasdan o‘lasan», deyishadi.
Biz tomonda bir gap bor: «O‘ylamasdan gapirsang, og‘rimasdan o‘lasan», deyishadi.
To‘rt-besh kun oldin bir uyda elektr ishlarini qilayotgan edim. Rozetka va viklyuchatellar o‘rnatyapman. Bu ishlar asosiy ishimizdan tashqari qo‘shimcha tirikchilik hisoblanadi.
Nimadir sabab bo‘lib, derazadan tashqariga qarab qoldim. Millionta mashina orasidan ham tog‘alar minib yuradigan ola-bula mashinani darrov tanib olaman. Shunaqa paytlarda ko‘zim burgutnikidek o‘tkir bo‘lib ketadi.
Tashqarida turgan politsiya mashinasini ko‘rdim-u, atrofga yana ham sinchiklab nazar tashladim. Qora forma kiygan, qo‘lida avtomat ushlagan ikki nafar ichki ishlar xodimi uylar orasida yuribdi.
Oxirgi paytlarda har ikki kunda bir kelib ketmasa, ko‘ngli to‘lmaydigan bo‘lib qolishgan.
Ularga ko‘zim tushishi bilan beixtiyor og‘zimdan:
— Voy ...lar, yana kelibdi, — degan gap chiqib ketdi.
Uy egasi ham shu yerda edi. «Bugun-erta ko‘chib kelishim kerak, tezroq bitirib ber», deb o‘zi ham mayda-chuyda ishlar bilan yuribdi.
— Kim kelibdi? — dedi u hayron bo‘lib.
— Anavi... — dedim deraza tomon ishora qilib.
— Kelaversin, ishini qilib yurgandir-da. Sen nega qo‘rqasan? — so‘radi u.
— Eshik qulfmi? Mabodo kelib qolishsa, ochmang, iltimos. Menda hujjat yo‘q, — dedim.
— Ha, shundaymi? Sen ishingni qilaver. Ular bu yerga kelishmaydi.
— Ularga farqi yo‘q. Kalamushga o‘xshab hamma joyga burnini tiqadi.
Qavatma-qavat yurib, har bir eshikni taqillatib, migrantlarni ushlab ketgan kunlarini ko‘rganman. Dardi — pul bu marazlarning. Bular oddiy patrul bo‘lsa ham, avval ko‘p eshitganman: pul uchun shunday qilib yurishini.
— Senlarda ham ayb bor. Qonunni buzmasdan yursanglar, hech kim hech narsa deya olmaydi. Sen bemalol ishingni qilaver. Kelishsa ham, o‘zim javob beraman, — dedi u.
Shunday deb cho‘ntagidan bir hujjat chiqarib ko‘rsatdi.
Avval politsiya shapkasi kiygan odamning rasmiga ko‘zim tushdi. Keyin «podpolkovnik falonchi-pistonchiyev» degan yozuvni o‘qidim-u, peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi. «O‘ldim endi», deb o‘yladim.
Ahvolimni ko‘rib u kulib yubordi.
— E, Baxa, ehtiyot bo‘l, tok urib ketmasin yana. Ishlayver. Biz migrantlar bilan ishlamaymiz. Shuning uchun so‘kkanlaring ham menga tegishli emas.
So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
— Birortasi kelib bezovta qilsa, menga telefon qil.
Shunda tushundim: til bor deb, har narsani o‘ylamay gapiravermaslik kerak ekan. O‘sha kuni juda qattiq xijolat bo‘ldim.
Baxtiyor Tursun
MAX'ga a'zo bo'lish uchun 👇
📲 https://max.ru/migrantuz
🌐 VIP Migrant bilan chegarasiz internetga ulaning!